Qaytish
Uzbekistan Airways va Lufthansa Technik AG o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi
1295
14.09.2023 08:00

Bugun, 13-sentabr kuni Uzbekistan Airways va havo kemalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sohasida jahon yetakchilaridan biri – Lufthansa Technik AG o‘rtasidagi samarali hamkorlikning 30 yilligi nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ sanani nishonlash doirasida “Uzbekistan Airways Technics” hududida har ikki kompaniya vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi.

O‘ttiz yil avval “Uzbekistan Airways Technics” aviata’mirlash korxonasi mutaxassislari Lufthansa Technik AG bazasida tahsil olishgan. Yangi texnikani o‘zlashtirish va xalqaro sertifikatlar olish maqsadida ta’mirlash bo‘linmasini to‘liq qayta jihozlash boshlandi. Germaniya aviakorxonasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik bugungi kunda katta samara bermoqda: UAT jahon standartlari darajasida havo kemalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etmoqda. Ta’kidlash joizki, “Uzbekistan Airways Technics” MDH mamlakatlaridagi yirik ixtisoslashgan korxonalardan biri hisoblanadi.

 

“Biz Uzbekistan Airways Technics va Lufthansa Technics o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori baholaymiz. 30 yillik hamjihat tariximiz davomida biz yuksak marralarga erishdik va hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqdik. Ammo mukammallikning chegarasi yo‘q, shuning uchun ham hamkorlikni rivojlantirishda davom etamiz va yangi maqsadlar sari intilamiz”, — dedi “Uzbekistan Airways Technics” MChJ direktori Marat Latipov.

Ta’kidlash joizki, Germaniya aviakompaniyasi bilan hamkorlik nafaqat mutaxassislar tayyorlash va ehtiyot qismlarni ta’mirlash, balki havo kemalarni ta’mirlash xizmatlari bozorini o‘rganish va Uzbekistan Airways Technics’ning mijozlar bazasini yaratishdan iborat edi. Natijada, 1997 yildan buyon va bugungi kungacha UAT jahon standartlari darajasida havo kemalariga texnik va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

“Lufthansa Technik AG va Uzbekistan Airways o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi. 30 yildan beri davom etayotgani esa ko‘p narsadan dalolat beradi. Bugun biz bilan Germaniyalik hamkasblarimiz ushbu quvonchni baham ko‘rayotganidan juda xursandman. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli, – dedi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov.